Мақолалар

Basmalada baraka bor

Чоп этилди Noyabr 6, 2019 Basmalada baraka borda fikr bildirishni o'chirish

Buyuk bobomiz Abu Lays Samarqandiy aytadi: “Farzandingning tili kalimaga juftlangan kundan boshlab uning ongiga quyidagi uch muborak jumlani quymog‘ing farz: “Assalomu alaykum”, “Bismillahir rohmanir rohim”, “Allohu akbar”.

Bolalarga 3–5 yoshdan ilm o‘rgatish tavsiya etiladi. Diniy ta’lim-tarbiyani esa bola ong-u shuuriga narsa va hodisalar sabablari bilan qiziqa boshlaganidan singdirish kerak.

Ulug‘ allomalar va ularning ibratli hayot yo‘llarini o‘rgatish orqali farzandlarimizning ruhiy olami yuksala boshlaydi.

Jurnalimizning sahifalarida farzandlarimiz o‘rganishi shart bo‘lgan amallar bilan birma-bir tanishtirib boramiz, inshoalloh!

Assalomu alaykum mening gul-u lolalarim.

Sizlar uchyn zarur bo‘lgan odoblar haqida to‘xtalib o‘tamiz.

  1. Har bir ishni “Basmala” bilan boshlash sunnatdir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam: «Har bir ish “Bismillah” bilan boshlanmas ekan, uning oxiri kesikdir”», deganlar.

Bolajonlarim, har bir ishni “Bismillah” bilan boshlasangiz, unga shayton aralasholmaydi.

– Agar ovqatlanayotganda “Bismillah”ni aytish yoddan ko‘tarilsa, esingizga tushishi bilan “Bismillahi, avvaluhu va axiruh” deng.

– Kiyinayotganda, ko‘chaga chiqayotganda, kitob mutolaasidan avval va barcha yumushlar oldidan “Bismillah” aytilsa, o‘qish, ishlarimizga baraka va xayr yog‘iladi.

  1. Ko‘zlarimiz quvonchi, jannat rayhonlari!

Endi zehningizni o‘tkir qiluvchi qalbingizga orom beruvchi Qur’oni karim suralarini yodlashni boshlasangiz, nur ustiga nur bo‘ladi. Ayniqsa, barcha yomonlik va yovuzliklardan omonda bo‘lish uchun o‘qiladigan Ixlos, Falaq, Nos suralarini yodlash zarur. Ushbu suralarni uxlash oldidan takrorlashga odatlanish tunlaringiz osoyishta, qo‘rqinchli tushlarsiz o‘tishiga asos bo‘ladi.

  1. Aksa urganda “Alhamdulillah” deyish lozim. Ya’ni, aksa urgan kishi “Alhamdulillah” desa, eshituvchi “Yarhamukalloh”, deydi. Agar bir kishi uch marta aksa urib, har biriga hamd aytsa, uni eshituvchiga ham ketma-ket javob berishi vojib. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aksa vaqtida boshlarini quyi qilib, muborak yuzlarini yopar edilar. Ammo boshqalarga eshittirish uchun hamdni baland aytish lozim.
  2. Esnayotib og‘izni berkitishga harakat qilish kerak. Hadisi sharifda esnagan kishi qo‘li bilan og‘zini yapishi zarurligi aytilgan. Aks holda esnash tufayli shayton kular ekan (Imom Buxoriy rivoyati).
  3. Bolajonlarim, har qanday holatda ham shukrni kanda qilmang. Odam olayotgan har bir nafasi, jamiki ne’matlar uchun Allohga shukr keltirishi lozim. Biror tanishingizga yaxshilik qilsangiz, u sizga rahmat aytsa, mamnun bo‘lasiz, to‘g‘rimi?! Xuddi shunday Alloh taologa shukr qilsangiz, U Zot ne’matlarini ko‘paytirib beradi.

Gulandom YUNUSOVA

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilining

xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi

“Мўминалар” журналининг 2019 йил, 3-сонидан